O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Turkiya hududida sodir etilgan turli huquqbuzarliklarda gumon qilinib ushlangan respublikamiz fuqarolari haqida maʼlumot olish, ularning qonuniy huquq va manfaatlariga rioya etilishini o‘rganish, konsulxona vakolati doirasida ularga amaliy yordam ko‘rsatish hamda saqlab turish muassasalari faoliyati bilan tanishish maqsadida Istanbul shahar hokimligi Migratsiya idoralari direksiyasi Silivri repatriatsiya markaziga tashrif buyurdilar.
Repatriatsiya markazi Istanbul shahri hududida joylashgan uchta muassasadan biri bo‘lib, maʼmuriy tartibda ushlangan ayollar va ularning qaramog‘idagi voyaga yetmagan farzandlarini saqlashga mo‘ljallangan.
Turkiya tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga ko‘ra, hozirgi kunda mazkur muassasada 60 nafardan ziyod o‘zbekistonlik ayollar ushlab turilibdi.
Muassasaning majlislar zalida yurtdoshlarimiz ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, saqlab turish joyidagi yashash sharoitlari, fuqarolarimizning qonuniy huquqlariga rioya etilishi bilan bog‘liq vaziyat hamda mavjud muammolar bo‘yicha fikr-mulohazalar tinglandi. Fuqarolik pasportini yo‘qotgan 6 nafar shaxsga tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, 55 nafar fuqaro bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ushbu fuqarolarimizning aksariyati Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzganliklari uchun maʼmuriy tartibda ushlangan.
Suhbatlar chog‘ida ko‘tarilgan masala va takliflardan kelib chiqib, muassasa rahbariyatidan zarur hollarda fuqarolarimizga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish, ularning murojaatlarini qisqa muddatlarda xolisona ko‘rib chiqilishida amaliy ko‘mak so‘raldi.
Markazda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va erkinliklarini taʼminlash maqsadida Bosh konsulxona tomonidan bu kabi tashriflarni muntazam ravishda o‘tkazib borish rejalashtirilgan.