Xalqaro musobaqa O‘zbekiston Kurash federatsiyasi va mamlakatimiz Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Turnirning rasmiy ochilish marosimida Istanbul shahar rahbariyati, Yevropa kurash federatsiyasi, Turkiya sport va yoshlar vazirligi, «O‘zbekiston madaniyati va birdamligi jamiyati», “Avraziya” federatsiyasi vakillari, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston diplomatlari va jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Komil Yusupov, Bosh konsul Amirsaid Aʼzamxo‘jayev polvonlarga omad tiladi.
O‘zbek kurashining tarixi va o‘ziga xos jihatlari, yoshlar qalbida milliy g‘ururni yuksaltirish, vatanparvarlik, mardlik, olijanoblik to‘yg‘ularini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etishi haqida so‘z yuritildi. Xalqaro maydonda o‘zbek kurashining obro‘sini oshirish, mushtarak qadriyatlarimizni dunyoga namoyish etish borasidagi amaliy chora-tadbirlar alohida eʼtibor qaratildi.
Turnirda Afg‘oniston, Bolgariya, Latviya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston va O‘zbekistondan 30 dan ziyod kurashchi o‘zaro bellashdi.
Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda hamyurtimiz Muhammadkarim Hurramov, ayollar o‘rtasida esa turkiyalik Eje Zurnaji xalqaro turnirning mutlaq g‘oliblari bo‘ldi.
Turnir g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilar tomonidan mukofotlar topshirildi.