Bosh konsulxona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh Konsulxonasi

Istanbulda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va so‘nggi voqealarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi



Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi  tomonidan Turkiya ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda o‘zbek diasporasi vakillari uchun O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan voqealarning asl kelib chiqish sabablariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Tadbirda Bosh konsul Amirsaid Aʼzamxo‘jayev Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar haqida batafsil maʼlumot berdi. O‘zbekiston hukumati tomonidan respublikada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar ayrim kuchlar va OAV tomonidan noto‘g‘ri talqin etilayotgani alohida taʼkidlandi.

Bosh konsul davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu voqealar sodir bo‘lgan kunlari Nukusga borib, oddiy xalq va faollar bilan bir necha marta muloqot qilganini maʼlum qildi. Muloqot davomida ushbu noxush  voqealar qoraqalpoq xalqining xohish-istagi bilan emas, balki tashqi kuchlar taʼsiri ostida uyushtirilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari taklifiga binoan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi maqomi to‘g‘risidagi normalar bo‘yicha takliflar chiqarib tashlangani, Bosh qomusda ushbu normalar amaldagi shaklda qolishi qayd etildi.

Brifingda, shuningdek, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilgan izchil islohotlar haqida ham axborot berildi.  Taʼkidlanganidek, mazkur hududning sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 2 milliard AQSH dollaridan ziyod 2 ming 500 ta investitsiya loyiha hayotga tadbiq etildi. «Hudud ijtimoiy sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjet hisobidan 1 milliard dollar yo‘naltirildi, kichik biznes subyektlari soni 2 barobar ko‘payib, qariyb 21 mingtaga yetdi va 83 mingta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi», dedi  Bosh konsul.

Tadbir ishtirokchilari eʼtibori O‘zbekiston Prezidentining «2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori natijalariga qaratildi.

Hujjat ijrosi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2026 yillarda yalpi hududiy mahsulot va sanoat mahsulotlari hajmlarini 1,5 baravar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,2 baravar, xizmatlar hajmini 2,9 baravar hamda qurilish ishlari hajmini 1,4 baravarga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Turkiyadagi o‘zbek diasporial tashkilotlarining faol vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatda tinchlikni saqlash, respublika yaxlitligini taʼminlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.  

Anjuman yakunida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.