Vatandoshlarimiz diqqatiga!
So’nggi vaqtlarda ba’zi vatandosh-ayollarimiz tomonidan, ularning oilaviy turmushida huquqlarining poymol bo’layotganligi, farzandlari ulardan tortib olinayotganligi to’g’risida ko’plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur murojaatlarning mazmuni o’rganilib, tahlillar natijasida, aksariyat holatlardagi ushbu ayollarimizning chet el fuqarolari bilan RASMIY NIKOH QAYD ETMASDAN, (“Imom nikohi” asosida) birgalikda yashab, farzandli bo’layotganligi va bu munosabatlarda ayol va uning farzandi qonunan himoya qilinmayotganligi asosiy sabablarda biri bo’layotganligi ma’lum bo’ldi.
Bu esa o’z navbatida nikoh rasmiy ravishda tegishli FXDYo organlari tomonidan rasmiylashtirilmaganligi bois, vatandosh-ayolning Turkiya hududida istiqomat qilishida “Oilaviy yashash uchun ruxsatnomasi”ni rasmiylashtirish huquqi, oiladagi nizolar yuzaga kelgan taqdirda moddiy va ma’naviy huquqlardan foydalana olmasliklariga olib kelmoqda.
Bundan tashqari, ko’p holatlardagi murojaatlarning mazmuni, o’rtada yuzaga kelgan nizo, kelishmovchilik va janjallar sabab, agar rasmiy nikoh qayd etmasdan, birgalikda yashagan davrda farzand dunyoga kelgan holatlarda, ko’pincha ushbu farzandning onasi (O’zbekiston fuqarosi)ni uydan haydab chiqarish va farzandining otasi yoki uning qarindoshlari tomonidan tortib olib qo’yish holatlari ko’payganligini ifodalamoqda.
Shuningdek, bir qancha murojaatlar tahlili shuni ko’rsatadiki, O’zbekistonda istiqomat qilayotgan ba’zi ayol fuqarolarimizni Turkiyada istiqomat qilayotgan tanish/dugona/qarindoshlari va shu kabi insonlar tomonidan “Turkiyada turmush qurish uchun yoki ishlash uchun” chaqirtirilib, aldov yo’li bilan Turkiyaga olib kelmoqdalar. Natijada, O’zbekistondan kelgan ayollarimizning aksariyati turk tilini, madaniyati, ichki qonunchiligi va yashash sharoitlarini o’rganmasdan, zo’ravonlar qo’liga tushib qolib, bor puli va pasportlarini oldirib, qabih ishlar bilan shug’ullanishga majburlanmoqdalar hamda bunday vaziyatdan chiqib ketish uchun qayerga murojaat qilishni bilmaydilar.
Shu sabab, yuqorida keltirilgan holatlarga tushib qolmaslik va ikki tomonlama qonun himoyasida qolish maqsadida quyidagilarni inobatga olish zarur.
1. Turkiyaga tashrif buyurishdan avval, uning chet el fuqarolariga doir qonunchiligi, tili (kamida umumiy ehtiyojlaringizni ifodalay olish darajasida) o’rganib, yashash tarzi, sharoiti, madaniyati bilan tanishib chiqish maqsadga muvofiq.
2. Turkiyaga kelganingizdan so’ng, bu yerda istiqomat qilish uchun hujjatlaringizni QONUNIY RAVISHDA rasmiylashtiring. Bunda, quyidagilarga e’tibor berish lozim:
2.1. Turkiya Respublikasi Prezidentining 10.11.2018 yildagi 327-sonli Qarori asosida, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari Turkiyada har 6 oy (180 kun) ichida 90 kundan oshmagan muddatda Turist-Mehmon maqsadida vizasiz qolishi mumkin. 180 kunlik davrni hisoblash Turkiyaga ilk bor kirgan vaqtdan boshlanadi (https://www.mfa.gov.tr/visa-information-for-foreigners.en.mfa)
O`zbekiston Respublikasi fuqarolari Turkiyada mehnat/ishlash, ta`lim/o`qish, davolanish, oilaviy birlashish va boshqa uzoq muddatda qolish maqsadlari uchun oldindan, Toshkent va Samarqand shaharlarıda joylashgan Turkiyaning diplomatik vakolatxonalaridan tegishli vizani rasmiylashtirishi ham mumkin.
Turkiyada 90 kun vizasiz qolish ishlash huquqini bermasligini e`tiborga olishingizni so`raymiz. Aks holda, Turkiya qonunlari bo`yicha huquqbuzarlarga nisbatan jiddiy pul jarimasiga tortish bilan deportatsiya qilinishi hamda Turkiyaga ma’lum muddatga kirishga taqiq qo'yiladi.
3. Agar Turkiya hududida chet el fuqarosi bilan turmush qurishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, RASMIY NIKOH qayd etishi uchun, bo’lajak turmush o`rtog`i yashaydigan Turkiyadagi Nikoh Uyiga (Evlendirme Dairesi) quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
3.1. O`zbekistonda doimiy yashash joyingizdagi FHDYo (ЗАГС) organidan yoki https://my.gov.uz/oz/service/112 hukumat portalidan Nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to'g'risidagi ma'lumotnoma (rasmiy nikoh qayd etilmagan) olinadi.
Ushbu ma`lumotnomani O`zbekistondagi notarial idorada Turk tiliga tarjima qilinib-tasdiqlanadi va O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan APOSTIL (Apostille) shtampi qo`ydiriladi.
3.2. Tug`ilganlik haqidagi guvohnomangizning asli hamda Tug`ilganlik haqidagi guvohnomangizning nushasini O`zbekistondagi notarial idorada Turk tiliga tarjima qilinib-tasdiqlanadi va O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan APOSTIL (Apostille) shtampi qo`ydiriladi.
3.3. 6 dona rasm.
3.4. Pasport (ba`zi Turkiyadagi nikoh uylari Pasportni Turkiyadagi Notarial idorada rasmiylashtirilgan turkcha tarjimali notarial tasdig`ini ham talab qiladi).
3.5. Turkiyada belgilangan tartibda tibbiy ko`rikdan o`tganlik haqidagi ma`lumotnoma.
Ma’lumot uchun: Talab qilinayotgan hujjatlar ro'yxati Turkiyaning turli viloyat va shaharlarida farq qilishi mumkin.
Turkiya vakolatli idoralari talab qilgan hujjatlar O`zbekistondan notarial turk tiliga tarjima qilinib tasdiqlangan va Apostil shtampi qo`ydirilgan bo`lishi lozim.
Yuqorida belgilangan hujjatlar Turkiya vakolatli idoralari uchun 6 oygacha haqiqiy hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlab o’tish joizki, “Imom nikohi” bilan yashash, bu RASMIY NIKOH QAYD ETILGANI HISOBLANMAYDI va siz chet el hududida qonunan himoyalangan hisoblanmaysiz!
4. Agar Turkiya hududida ishlash, mehnat faoliyati bilan shug’ullanish uchun tashrif etgan bo’lsangiz, Turkiya Respublikasining Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligidan olingan rasmiy ma’lumoti asosida, Turkiyada chet el fuqarolarining ishlashi (mehnat faoliyati bilan shug’ullanishi) bilan bog’liq quyidagi ruxsat olish tartib qoidasiga amal qiling:
Turkiya Respublikasida chet el fuqarolarining ishlashi uchun ruxsat olishlari kerakligi va bu ish ruxsatlarining berilishi uchun amal qilinadigan tartib va asoslarining ma’lum qilingan Turkiyaning 4817-sonli “Chet el fuqarolari uchun mehnat qilish ruxsatlari haqida”gi qonunning 4-moddasida, chet el fuqarolarining Turkiyada mehnat qilishdan (ishlashni boshlamasdan) oldin ruxsat olishlari kerakligi, ushbu qonunning 5-moddasida esa: muddatli ishlash ruxsatlarining, chet el fuqarosi bilan qilingan mehnat shartnomasi yoki mo’ljallangan ishning muddatiga ko’ra, aniq ish joyida yoki ishxonada va ma’lum bir maslakda ishlash uchun berilishi belgilangan.
Bunga ko’ra, chet ellik bir shaxsning Turkiyada mehnat faoliyati bilan shug’ullanish uchun mehnat qilish ruxsatini olish talab qilinadi.
Turkiya Respublikasining Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligidan mehnat qilish ruxsatini olish uchun, ishlashga mo’ljallangan va tomonlarning (ishchi va ish beruvchi) kelishuv shartiga ko’ra bir ish beruvchining Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligiga elektron ko’rinishda “online” sistemasi orqali mehnat qilish ruxsatini olish maqsadida ariza bilan murojaat qilishi, elektron ko’rinishdagi “online” ariza murojaatidan keyin, mehnat qilish uchun ruxsat olish xujjatlarini vazirlikga yetkazishlari kerak.
Mehnat qilish ruxsati olish uchun kerakli bo’ladigan umumiy hujjatlar ro’yxati:
✅ Mehnat qilish ruxsati olish uchun ariza;
✅ Chet el fugarosining shaxsiy (personal) ariza formasi (elektronik sistemadan chiqariligan va imzolangan bo’lishi kerak);
✅ Ishxonaning rasmiy gazetada e’lon qilingan namunasi;
✅ Ishxonaning balansi va foyda-zarar jadvali;
✅ Chet el fuqarosinig pasport nusxasi;
✅ Chet el fuqarosining diplom yoki shaxodatnoma xujjati nusxasi.
✅ Turkiya ichida mehnat qilish ruxsatiga murojaat qilish uchun chet el fuqarosining kamida 6 oy muddatli Turkiyada yashash huquqini beruvchi hujjat (“ikamet”) ruxsati bo’lishi kerak.
Turkiyada yashash huquqini beruvchi hujjat (“ikamet”) ruxsati bo’lmagan hollarda, ish beruvchi shirkat bilan chet el fuqarosi o’rtasida qilingan shartnoma bilan birgalikda Turkiya Respublikasining chet ellardagi diplomatik vakolatxonalariga (masalan: O’zbekiston fuqarolari uchun Toshkentdagi Turkiya elchixonasiga) murojat qilishlari kerak.
Ishlashga ruxsat olish murojatlarning tartib va asoslari, shuningdek ish joylari (ish beruvchilar) va shirkat sheriklarining bilishi kerak bo’lgan batafsil va to’liq ma’lumotlar Turkiya Respublikasining Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligining internet sahifasida joylashtirilgan. www.yabancicalismaizni.gov.tr
Hurmatli vatandoshlarimiz, aziz opa-singillarimiz!
Yana bir bor eslatib o’tamiz, chet el hududiga tashrif buyurganda, istiqomat qilayotganda, ogoh bo’ling, doim ushbu hudud qonunchiligini o’rganing, ularga rioya qiling va barcha hujjatlaringiz rasmiylashtirilganligini ta’minlang.
Agar Sizning huquqlaringiz poymol bo’layotganligining guvohi bo’lsangiz yoki qiyin vaziyatga tushib qolsangiz, zudlik bilan O’zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasiga +90 212 323 20 39 telefon raqamlari va uzbekconsul@yahoo.com elektron manzili orqali murojaat qiling!
Bundan tashqari, vatandosh ayollarimiz qiyin vaziyatga duch kelganlarida “O’zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish” jamiyatiga ham +90 555 174 15 84 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.