Bosh konsulxona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh Konsulxonasi

Bosh konsulxona diasporal tashkilotlar bilan birgalikda Istanbuldagi Aydin universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik faol talabalar bilan davra suhbatini tashkillashtirdi



2022-yil 12-oktabr kuni Bosh konsulxona diasporal tashkilotlar “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik”, “O‘zbek xotin-qizlari huquqini himoya qilish” va “Yulduzpermit” konsalting shirkati bilan birgalikda Istanbuldagi Aydin universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik faol talabalar va mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar bilan davra suhbatini tashkillashtirdi.

So‘z boshida mazkur taʼlim yurti rektori o‘rinbosari prof.dokotor Zafer Aslan, Z.Aslan ikki mamlakat o‘rtasida taʼlim sohasida jadal rivojlanayotgan hamkorlik ko‘lamiga to‘xtalib o‘tib, ushbu o‘quv muassasasida o‘zbekistonlik 120 talaba o‘qiyotgani va ularning xulq-atvori, tarbiyasi va o‘qishga nisbatan ishtiyoqini ijobiy baholadi.

O‘z navbatida Bosh konsul A.Agzamxodjayev tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda barqaror rivojlanish, yoshlarni munosib hayot kechirishi maqsadida taʼlim, ilm-fan madaniyat va maʼnaviyat taraqqiyotini taʼminlashga yo‘naltirilgan islohotlar, bular haqida Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarda ham alohida eʼtibor berilayotganligiga doir batafsil maʼlumot berdi.

Shuningdek, konsullik muassasasi rahbari yoshlarni horijda bo‘lib turgan davrda o‘zbek xalqi madaniyati, tarixi, urf-odati va sanʼatining insonparvarlik jihatlarini ko‘rsatish orqali yaxshi nom qoldirishga eʼtiborni qaratish, shuningdek, respublikaning turli sohalardagi yutuqlarini keng targ‘ib qilishda hissa qo‘shishga chaqirdi.

Shu maqsadda yoshlarga Bosh konsulxona bilan hamkorlikda madaniy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi. Vaqtinchalik konsullik ro‘yxatiga qayd etish afzalliklari ham aytib o‘tildi.

Aytib o‘tilganlar bilan bir qatorda talabalar Turkiya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzmaslik, sanksiya berilmagan ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslik, jahondagi hozirgi notinch vaziyatda turli diniy oqimlar, terroristik va boshqa turli negativ radikal tashkilotlar taʼsiri ostiga tushib qolishdan ehtiyot bo‘lish borasida ogohlantirildi.

“O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik” jamiyati rahbari Chokay Kochar o‘z tashkilotiga asos solinishi sababi, uning tarixi, maqsad va vazifalari haqida so‘zlab berdi. Turkiyadan O‘zbekistonga turistik guruhlar safarini amalga oshirishga qo‘shayotgan hissasi, Turkiyada magistraturada o‘qimoqchi, doktorantura disspertatsiyasini yoqlamoqchi va boshqa turdagi ilmiy-maʼrifiy faoliyatlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan vatandoshlarimizga konsultatsiya berish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekistondan kelayotgan sanʼat ustalari gastrollarini tashkil qilish, talaba yoshlarimizga moddiy yordam berish, turk fuqarosi bilan hamyurtimiz o‘rtasida chiqqan nizolarni bartaraf etishda qilgan ishlari haqida gapirib berdi.

“O‘zbek xotin-qizlari huquqini himoya qilish” jamiyati rahbari Islomova Ozoda Turkiyada murakkab ahvolga tushgan ayollarimizga ko‘rsatayotgan ko‘magi mavzusiga yig‘ilish qatnashchilari diqqatini jalb etdi. Jumladan turk fuqarosi bilan turmush qurganlar oilaviy mojarosi, uysiz, mablag‘siz qolganlar, yuridik konsultatsiyaga ehtiyoji bo‘lganlar, kasalxonada davolanishga moddiy imkoniyati yetmayotganlar bilan ishlashda erishilayotgan yutuqlar haqida xabar berdi.

Talabalar O‘zbekistonning Turkiyadagi dipmissiyalarida hamda Turkiya davlat muassasalarida stajirovka o‘tashda Bosh konsulxonadan ko‘mak olish taklifini kiritdilar. A.Agzamxodjayev yoshlar bilim va imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdorligini bildirib, konsullik muassasasi eshigi ular uchun har doim ochiqligini taʼkidladi.

Istanbuldagi barcha oliy o‘quv yurtlaridagi o‘zbekistonlik talabalarni birlashtirish, Bosh konsulxona tomonidan yoshlar uchun futbol va shaxmat kabi sport musobaqalari tashkil qilish, yoz mavsumida Turkiyadagi mehmonxonalarda mehnat faoliyati yuritish hamda o‘qishdan holi vaqtlarda Istanbuldagi turistik zonalarda gidlik qilish uchun  ishga joylash kabi masalalarda ko‘mak berishga kelishib olindi.

Yulduzpermit jamiyati rahbari Yulduz Uzunaslan esa Istanbulga kelgan horijliklar, xususan O‘zbekiston fuqarolarini bu yerda uzoq muddat yashash uchun ro‘yxatdan o‘tish, ularning farzanlarini o‘qishga joylashtirish hamda boshqa huquqiy masalalar bo‘yicha maʼlumot berdi.

Davra suhbatiga qatnashgan Tashqi mehnat migratsiyasining Istanbuldagi vakili Muxamedov Abdurahmon vakolatxona maqsad va vazifalarini tushuntirdi. Horijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarini qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlari bo‘yicha Hukumat qarorlari va islohotlari mazmun va mohiyatini yoritib berdi.

Uchrashuv nihoyasida har bir talabaga ularni qiziqtirgan turli mavzulardagi savollariga atroflicha javob berildi. Ularning kelgusidagi rejalari bo‘yicha kerakli maslahatlar bildirildi.