Jahon sayohat va sayyohlik kengashi (WTTC) turizm sohasi, hukumatlar, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar mutaxassislari bilan birgalikda turizm sohasini qayta tiklash bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirish, mazmunli harakatlar rejalarini ishlab chiqish maqsadida #Safetravel (xavfsiz sayohat) protokollarini ishlab chiqqan. Protokollar xususiy sektor xodimlari va sayyohlar xavfsizligini taʼminlash uchun umumiy standartlarga moslashtiradi.
O‘zbekiston ham xavfsiz sayohatlarning global protokollarini amalda tatbiq qiluvchi mamlakatlarga qo‘shildi va ayni damda ushbu jarayon yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu sohadagi barcha xatti-harakatlarning muvofiqlashuvini taʼminlab, turistik xizmat ko‘rsatuvchilar, operatorlar va sayyohlarga qo‘llanmalarni taqdim etish, koronavirus pandemiyasidan keyin inson salomatligi va gigiyenasiga yangicha yondashuvni nazarda tutadi.
Taʼkidlash joizki, WTTC kengashi dunyo bo‘yicha biznes hamjamiyatining yuzdan ortiq vakillaridan iborat bo‘lib, davlat organlari bilan hamkorlikda ishlagan holda soha muammolariga eʼtibor qaratishadi. Uning asosiy vazifasi dunyo bo‘ylab moliyaviy resurslar va ish o‘rinlarining eng yirik taʼminotchisi bo‘lgan turizm sohasi ahamiyatini hukumatlar oldida namoyon qilishdan iborat.
Shuningdek, Kengash turizmning iqtisodiy va ijtimoiy taʼsiriga doir tadqiqotlar olib borib, turizm sohasiga oid masalalar va tadbirlar bilan bog‘liq xalqaro va mintaqaviy sammitlarni tashkil etadi.
WTTC rasmiy saytida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning quyidagi so‘zlari keltiriladi:
“O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Jahon sayohat va sayyohlik kengashining sog‘liqni saqlash hamda tozalik choralari haqida maʼlumot ishlab chiqish va tarqatish borasidagi saʼy-harakatlarini maʼqullaydi va qadrlaydi. Shu bilan birga, xavfsiz sayohatlar tavsiyalariga rioya qiluvchi protokollarni amalda tatbiq etadi. Pandemiya boshlanganidan buyon O‘zbekiston barcha sayyohlar xavfsizligini taʼminlashga yo‘naltirilgan tezkor chora-tadbirlarni ishlab chiqdi, jumladan mamlakatimizga tashrif buyuradigan sog‘liqni saqlash muammolari yuzaga kelganda har bir sayyoh uchun tibbiy davolanish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya mexanizmlari ishlab chiqildi. Ishonchimiz komilki, “WTTC Safe travels” protokollari milliy “Uzbekistan: Safe travel Guaranteed” tizimimiz bilan birgalikda O‘zbekistonda xavfsizlik standartlarini yangi bosqichga ko‘taradi va xalqaro turizmning tezkor jonlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston hukumatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro sayohat va sayyohlik hamkorligini qo‘llab-quvvatlaydi. Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli hozirgi qiyinchiliklarni muvaffaqiyatli yengib, xalqaro turizm rivojida yangi marralarni zabt etishimizga ishonamiz”.
Ma'lumot uchun: https://uzbektourism.uz/uz/newnews/view?id=1491