O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi, mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi, shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi vakillari bilan birgalikda "ZOOM" platformasida "Akikgroup", "Hesant", "Najd travel" va "New Global Group" sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida "davra suhbati" o'tkazildi.
Suhbat davomida O'zbekistondagi xavfsiz ziyorat-turizm hamda COVID-19 pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashishda mamlakatimizda ko'rilayotgan chora-tadbirlar haqida so'z yuritildi. O'zbekistonga sayyohlarni jalb qilish faoliyatni yanada faollashtirish masalalari alohida ko'rib chiqildi va mavjud reyslarga qo'shimcha ravishda charter reyslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Onlayn tadbirda ishtirok etayotgan kompaniyalar vakillari ularning arab dunyosiga ko'proq yo'naltirilganligini va mijozlar bazasining asosiy qismi arab davlatlaridan ekanligini ta'kidladilar. Shuning uchun arab sayyohlari uchun Istanbuldan O'zbekistonga ziyorat turlarini tashkil qilish taklif qilindi.
"New Global Group" sayyohlik kompaniyasi rahbari A'la Ibrohim at-Ta'ma Iroq va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar tarixiy ildizlarga ega ekanligini ta'kidlab, 9-12 asrlarda buyuk o'zbek olimlari va mutafakkirlari Ahmad Al-Farg'oniy, Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr al-Farobiy va boshqalar Bog'doddagi "Bayt al-Hikma" Islom akademiyasida ilmiy ishlar bilan shug'ullangan, arab olimlari esa Xorazmdagi "Ma'mun" akademiyasida faoliyat olib borganliklarini aytib o'tdi.
Muzokaralar natijasida sayyohlik kompaniyalari vakillari "ziyorat turizm" doirasida sayyohlarni O'zbekistonga yuborishga alohida qiziqish bildirishdi, shuningdek, ushbu masalalarni batafsil muhokama qilish uchun yaqin kelajakda O'zbekistonga borishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.