Aziz do‘stlar,
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi veb-saytini e'tiboringizga havola etish menga mamnuniyat baxsh etadi. Saytni tayyorlash davomida uning foydalanish uchun qulay va oddiy bo‘lishi hamda nafaqat konsullik xizmatlari, balki o‘zbek-turk munosabatlarining asosiy jihatlari, zamonaviy O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayoni haqida zarur ma'lumotni olinadigan manba bo‘lishiga harakat qildik.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida o‘tgan yillardagi hamkorlik natijasida Strategik aloqalarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lindi. Biz Turkiya Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik va harbiy-siyosiy sohalarni o‘z ichiga olgan qardoshlik aloqalarimizni mustahkamlashga qaratilgan eng muhim «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqdik.
Mamlakatlarimiz tarixiy va madaniy jihatdan umumiy rishtalarga ega; til, din va urf-odatlar mushtarakligi amalda o‘zbek-turk munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratmoqda.
Biz madaniyat, ta'lim va ilm-fan sohalaridagi almashinuvlar hamda ikki mamlakat xalqlari manfaatlarini inobatga olgan holda xalqaro tadbirlar va tashkilotlardagi pozisiyalarimizni qo‘llab-quvvatlash orqali birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga intilamiz.
Umid qilamanki, veb-saytimizga tashrif etib, Bosh konsulxonaning turli xizmatlari haqida foydali va dolzarb ma'lumotlarni olish barobarida, o‘zingiz uchun bizning ona O‘zbekistonimizni bir chimdim bo‘lsa-da kashf etasiz.
Xush kelibsiz!